Foto: O’zA

Bol yetishtirish ortganiga qaramay, sohaga oid texnologiyalar, oʻquv dasturlaridan foydalanish, changlatish zaruratlari va nektar yigʻish imkoniyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning cheklanganligi kimyoviy moddalar bilan zaharlanishi va hosildorlikning kamayishiga sabab boʻlmoqda. Natijada har bir asalari oilasidan olinadigan asal miqdori hanuzgacha 20 kilogrammdan kam boʻlib qolmoqda.

Sohani modernizatsiya qilish boʻyicha boshlagan islohotlar doirasida Oʻzbekistonda asalarichilar assotsiatsiyasi tashkil etilib, Xalqaro asalarichilik assotsiatsiyalar federatsiyasi Apimondiyaga qoʻshilishi rejalashtirilgani haqida asalarichilikni rivojlantirish forumida qayd etildi.

Oʻzbekistonda asalarichilikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida BMTning oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Oʻzbekiston Respublikasi asalarichilar uyushmasi hamkorlikda oʻtkazgan forumda asalarichilikni rivojlantirishga qaratilgan 2017-2021-yillarga moʻljallangan dastur ham muhokama qilindi.

Dastur boshqaruv tizimini isloh qilish, naslchilikni ilmiy tashkil etish, mahsulotlar hajmi va turlarini koʻpaytirish, qayta ishlash va ilgʻor tajribalarni joriy etish orqali joriy yilda asal yetishtirishni 23 ming tonnagacha oshirishni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, loyihaning asosiy maqsadlaridan yana biri – asalarichilar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari oʻrtasida erta ogohlantirish tizimini yaratishdan iborat. Bunda har ikkala soha mutaxassislariga pestitsidlardan foydalanish va hosilni gullash davrida yigʻish toʻgʻrisida oʻzaro maʼlumot almashishni taʼminlashi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligi landshaftlarida asalari uyalarini optimal ravishda taqsimlash uchun uyalarni bron qilish tizimi ham yaratiladi.