“Shaharda bir kun. Toshkent” nomli videoda shahrimizning qadimiy yodgorliklari, uning zamonaviy qiyofasi, madaniy boyliklari va mahalliy aholi turmush tarzi o‘ziga xos uslubda yoritib berilgan. Ushbu videoxosting uslubiga ko‘ra, boshlovchi ko‘rsatuvning navbatdagi yo‘nalishi  hisoblangan shahar bilan bir kun ichida tanishib chiqishi kerak.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi

“Shaharga bir kunning o‘zidayoq maftun bo‘lib qolish mumkin. Ishonmaysizmi? Bekor qilasiz! Men sizga ajoyib marshrutni taklif qilaman va bunga o‘zingiz amin bo‘lasiz!”, – deydi boshlovchi Zoya Berber.

Zoya tomoshabinlarni sirli va go‘zal Sharq olamiga taklif qilar ekan, avvalambor shaharning 2200 yillik tarixga ega ekanligining yaqqol dalili bo‘lmish “Ming o‘rik” arxeologik yodgorligiga tashrif buyuradi hamda u haqidagi maʼlumotlar bilan bo‘lishadi.

Shuningdek, mehmon poytaxtning Eski shahar qismidagi  mahallalar bo‘ylab sayohat qiladi. U hatto mahalliy aholi bilan muloqotga kirishib, o‘zbek xonadonlarining birida mehmon bo‘lishga ham ulguradi. Zoya o‘zbek xonadoniga ogohlantirmay ko‘chadan kirib borib, bu darajada mehmondo‘stlikni ko‘rib, o‘z hayratini yashira olmaydi. “Chorsu” bozori hamda  “Hastimom” kompleksi ularda katta taassurotlar qoldirdi.