Foto: O’zA

Vazirlikning matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston-Vengriya iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 5-majlisi doirasida bo‘lib o‘tgan ushbu muzokarada Energetika vazirligi yadroviy energetikani rivojlantirish sohasida Vengriya bilan hamkorlik qilish bo‘yicha tajribaga ega ekani qayd etildi. 

2018 yil noyabrda “O‘zatom” agentligi mutaxassislarining Vengriyaga qilgan amaliy safarida mazkur mamlakatning Rossiyada ishlab chiqarilgan VVER-1200 reaktorli ikkita energoblok negizida “Paksh-2” AES qurilishi tajribasini, atom energetikasi ob’ektlari qurilishini moliyalash va qonunchilik bazasini yaratish masalalari o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan edi. Shu bilan birga, ular Vengriyaning qayta tiklanuvchan energiya manbalarini, shuningdek, quyosh energiyasi va biomassa asosidagi manbalarni rivojlantirish sohasidagi yutuqlar bilan tanishdi.

Ma’lum qilinishicha, faoliyat yuritayotgan “Paksh” AES Vengriya elektr energiyasining taxminan 40 foizini ishlab chiqaradi. Ushbu mamlakat Yevropa Ittifoqi a’zolari o‘rtasida eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega. “Paksh-2” loyihasining amalga oshirilishi mamlakatda elektr energiyaga bo‘lgan talabning ortib borayotganligi bilan bog‘liqdir.

Muzokaralar yakunida tomonlar tinch atomdan foydalanish, xususan, O‘zbekistonda birinchi AES qurilishi sohasida hamkorlikni rivojlantirish haqida o‘zaro kelishuvga erishdi.