Foto: O’zA

Hujjatda qayd etilganidek, 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etilgan. Yangi qaror asosida esa ularni kesish bo‘yicha davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arizalar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu bilan birga, hududiy ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan daraxtlar va butalarni kesish uchun xulosalar berish, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan esa daraxtlar va butalarni kesish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirilishi taqiqlanadi.

Xo‘sh, “Obod mahalla” va “Obod qishloq” davlat dasturlari loyihalari asosida hududlarni obodonlashtirish ishlarida bunga zarurat tug‘ilsa-chi? Mazkur holatda tabiiy omillar yoki o‘simliklar zararkunandalari, kasalliklari ta’sirida shikastlangan, quriyotgan yoki qurib qolgan, odamlar hayoti va sog‘ligiga, mol-mulkiga xavf solayotgan daraxtlarni kesish va qirqish qonun hujjatlariga muvofiq, faqat tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, yer maydonlarini tanlash va ajratish bosqichida rasmiylashtiriladigan hujjatlarda, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarida, onlayn-auksion natijalari bayonnomalarida quyidagilar ko‘rsatilishi shart:

  • yer uchastkasida o‘sayotgan daraxtlar soni;
  • aniq koordinatalari;
  • navlari;
  • diametri;
  • balandligi;
  • ularni saqlab qolish va muhofaza qilish choralari va talablari;

Masalan, loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda qurilish maydonida o‘sayotgan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlari to‘liq saqlab qolinishi yoki ko‘chirib o‘tkazilishi ta’minlanishi shart. Hech bo‘lmaganda, daraxtlar va butalar boshqa navlarining kamida 50 foizi saqlab qolinishi yoki ko‘chirib o‘tkazilishi yoxud ularning o‘rniga o‘ntadan kam bo‘lmagan daraxtlar kompensatsiya sifatida ekib berilishi zarur.