Foto: IIV matbuot xizmati

Unda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov, viloyat hokimi F.Ermanov, viloyat va shahar-tuman sektor rahbarlari, jumladan, ichki ishlar, prokuratura, soliq, shuningdek, jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasi uchun masʼul boʻlgan barcha davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov kengaytirilgan yigʻilishda bir necha rahbarlarni egallab turgan lavozimidan ozod qildi. Bu haqida IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, xodimlar oʻz xizmat vazifalarni bajarishda masʼuliyatsizlik va beparvolik bilan yondashib, xizmat vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun ishdan boʻshatilgan.

Viloyat IIB Harbiy safarbarlik boʻlimi boshligʻi R.Xodjiyev, Ekspert-kriminalistika boʻlimi boshligʻi Q.Oʻrinov, Xiva tumani IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari D.Madrahimov va Hazorasp tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi boshligʻi A.Yusupov va yana 6 nafar profilaktika inspektorlari egallab turgan lavozimlaridan ozod qilingan. Shuningdek, bir qator xodimlarga intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.

Xabarda yozilishicha, 2019-yil yakuniga koʻra Xorazm viloyatida sodir etilgan jinoyatlar soni 2,1 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 0,2 foizga, shu jumladan qotillik, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, oʻgʻirlik, transport vositalari olib qochish va oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari kamaygan.

Viloyatning 51 foiz mahallasida jinoyatlar sodir etilmadi, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar, ishsizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kamaygani taʼkidlandi.

Eslatib oʻtamiz, Poʻlat Bobojonov Buxoro va Qoraqalpogʻistondagi kengaytirilgan yigʻilishlarda xizmat vazifalarni bajarishda masʼuliyatsizlik va beparvolik bilan yondashib, xizmat vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun qator boshliqlarni ishdan olgan edi.