Samarqand shahridagi “Bog‘ibaland” mahallasida namunaviy turizm mahallasi tashkil etiladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi xabar bermoqda.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning Samarqanddagi departamenti viloyat hokimligi bilan hamkorlikda Bog‘ibalanddagi hududi 40 gektarlik bahavo anjirzor haqida mahalliy aholi, shuningdek, xorijlik sayyohlarni xabardor qilish, ushbu mahallani eng ommabop turizim hududiga aylantirish, sayyohlar uchun qo‘shimcha xizmatlar va turizm yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida amaliy ishlar olib bormoqda.

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan fuqarolar yig‘inlari hududlarida oilaviy mehmon uylari yaratilgan va sayyohlar uchun kamida besh xil xizmat ko‘rsatilgan taqdirda, ularga “Turizm mahallasi” maqomi berilishi belgilab berilgan.

Ayni damda mahallada sayyohlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi  yo‘nalishlarning talab darajasida bo‘lishi hamda qiziqarli turistik dastur yaratishga doir ishlar boshlangan. Jumladan, huddudagi  anjir yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari tomonidan sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida bog‘ hududida (tabiatga zarar yetkazmaslik sharti bilan) dam olish burchaklarini tashkil etish boshlab yuborilgan. Milliy anʼanalarga asoslangan shiyponlar, chorpoyalar qurilishi shular jumlasidandir.

Bog‘da tabiat qo‘ynida milliy taomlar pishirish hamda tanovul qilish uchun ham barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bu yerga tashrif buyuruvchi sayyohlar bog‘dagi 200-300 yillik anjir daraxtlari bilan tanishish barobarida anjir terish jarayonida bevosita ishtirok etishlari mumkin.

Anjir mevasi bir yilda ikki marta hosil berishini hisobga olgan holda iyun hamda sentyabr oylarida “Anjir sayil”lari o‘tkazilishi belgilab olindi. Sayilda anjir va undan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi, taniqli sanʼatkorlar, folklor jamoalar tomonidan ko‘ngilochar dasturlar ham namoyish qilinadi.

Mahalla aholisi anjir mevasini quritish, undan turli murabbolar tayyorlash bilan ham shug‘ullanadi. Sayyohlar mahalliy xonadonlarga tashrif buyurib, anjir va undan tayyorlangan mahsulotlarni tayyorlash sirlari bilan yaqindan tanishishlari hamda ularni sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Hudud infratuzilmasini yana-da yaxshilash esa alohida ahamiyat kasb etadi. 2019-yilda Bog‘ibaland mahallasining anjirzorlariga eltuvchi ichki yo‘llari to‘liq taʼmirlandi. Mahallada savdo majmuasi, ovqatlanish shoxobchalari, maishiy hizmat ko‘rsatish obyekti, sanitar-gigiyenik shoxobchalarining talab darajasida mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatishiga oid barcha ishlar rejalashtirib olingan. Shuningdek mahallada bepul Wi- Fi hududlari ham tashkil etiladi.

Bog‘ning o‘rtasida tarixiy tepalik joylashgan bo‘lib, ushbu tepalikdan bog‘ hamda tarixiy mahalla aholisining turmush tarzini kuzatish imkoniyati mavjud.

Mahalla hududida turistik salohiyatdan foydalanish samaradorligini oshirish hamda aholi bandligini taʼminlash maqsadida mehmon uylari, mahalliy aholining urf-odatlarini namoyon etuvchi animatsion markazlar, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, ushbu mahalla hududida sanoat turizmi salohiyatiga ega gilam ishlab chiqarish zavodi va tibbiyot turizmi obyektlari ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bu kabi “Turizm mahalla”sini tashkil etish mamlakatimizda, jumladan Samarqanddagi turistik yo‘nalishlarning xilma-xilligini taʼminlash, sayyohlarning mamlakatimizda qolish muddatini uzaytirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish yo‘lida xizmat qiladi.