2022-yilning 3-4 mart kunlari Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali 720 nafar O‘zbekiston fuqarosi olib kelindi. Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 4-mart holatiga umumiy hisobda 11ta aviareys bilan 2 579 nafar o‘zbekistonlik qaytarildi.

Foto: “Uzbekistan Airways” axborot xizmati

Qayd etilishicha, Katovitse aeroportidan uchta qo‘shimcha parvoz kutilmoqda: bugun soat 14:30 va 16:00da hamda 5-mart soat 03:00da (Toshkent vaqti bilan).

Polsha hududida mamlakatning 1 480dan ortiq fuqarosi qolmoqda. Ulardan 700 nafari Polsha davlat chegarasidagi to‘planish nuqtasiga, 780 nafari esa Katovitse aeroportiga joylashtirilgan.

Mutaxassislar fikricha, O‘zbekiston o‘z fuqarolarini jangovar harakatlar zonasidan olib chiqish bo‘yicha tezkor ishlarni yo‘lga qo‘ygan sanoqli davlatlar safiga kirdi. Barcha qaytarish reyslari bepul amalga oshirilmoqda.

Polshadagi O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, Katovitse aeroporti bugungi kunda odamlar bilan to‘lgan. 

“Diplomatlarimizning sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston fuqarolari sharoitlar yaratilgan, shu jumladan ular issiq ovqat bilan ta’minlangan. 

Shahar ma’muriyati tomonidan aeroport binosiga kirish va yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish uchun soddalashtirilgan tizimni ishga tushirilgan. Jamoat tartibi politsiya va mahalliy ko‘ngillilar tomonidan nazorat qilinmoqda. 

Bolali ayollar va keksalar uchun maxsus koridor tashkil etilgan. Barcha fuqarolarga oldindan tayyorlangan ro‘yxatlar asosida xizmat ko‘rsatilmoqda.

Fuqarolarning vatanimizga tezroq qaytish istagini anglagan holda barcha yurtdoshlarimizdan xotirjamlikni saqlashi, vahimaga berilmaslik, provokatsiyalar va ziddiyatli vaziyatlarga uchmaslikni so‘raymiz. Ishontirib aytamizki, barcha fuqarolar mamlakatimizga qaytariladi”, – deyiladi TIV ma’lumotida.

Eslatib o‘tamiz, Ukrainadan Polsha orqali qaytarilayotgan o‘zbekistonliklarning birinchi guruhi 28-fevral kuni Toshkentga kelgan edi.