Kecha, 3-mart kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefonda muloqot bo‘lib o‘tdi.

Foto: RIA Novosti

Makron yarim soat davom etgan suhbatdan olgan xulosalarini ochiqladi.

“Hozirgi voqealar “holva bo‘lib qoladi”, negaki Putin butun Ukrainani bosib olishni ko‘zlayapti. Putin Ukrainani to‘liq “nazorati ostiga olish” qarorida juda qat’iy turibdi”, degan Fransiya yetakchisi.

Rossiya prezidenti rus armiyasining operatsiyasi Moskva rejasi bo‘yicha davom etayotganini bildirgan. Shu bois, agarda Ukraina hukumati uning shartlarini qabul qilmas ekan, vaziyat qaltislashib boraverishini ta’kidlagan.

Putin Ukrainani “denatsifiakatsiyalash” niyati borligini tasdiqlagan.

Shuningdek, ushbu suhbatdan so‘ng Rossiya tomoni bergan bayonotda Putin Makronga Rossiyaning shartlarini batafsil bayon qilgani, jumladan, Ukraina «hududidan Rossiya uchun hech qachon tahdidlar bo‘lmasligi uchun» Ukrainaning neytral maqomi va demilitarizatsiyasi haqida so‘z borgani aytilgan.

Eslatib o’tamiz, 24-fevral erta tongda Rossiya Ukrainaga bostirib kirishni boshladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qilib, bundan ko‘zlangan maqsad Ukrainani delimitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish ekanini ta’kidladi. Dunyo yetakchilari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralashdi. AQSh, Britaniya, Kanada, YeI, Yaponiya yangi sanksiyalar e’lon qilganini bildirdi.

25-fevral kuni Vladimir Zelenskiy umummilliy safarbarlik to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Ukrainada hozirgi vaqtda harbiy harakatlar davom etmoqda.