Ukraina Gruziya va Qirg‘izistondagi elchilarini konsultatsiya uchun chaqirtirib oldi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.

Foto: Google

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina diplomatlari o‘z so‘zlari va xalqaro huquq xiyonat qilgan mamlakatlarga nisbatan odilona yechimni amalga oshiradi.

“Qirg‘izistondagi elchini zudlik bilan konsultatsiya uchun chaqirtiramiz. Ukrainaga qarshi tajovuz oqlangani uchun. Bizga yordam bermoqchi bo‘lgan ko‘ngillilarga to‘siq qo‘ygani, sanksiyalar borasida oqilona pozitsiyada bo‘lmagani uchun Gruziyadan elchimizni chaqirtirib olamiz”, degan Zelenskiy.

Avvalroq Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili uning mamlakati Rossiyaga qarshi moliyaviy va iqtisodiy sanksiyalarga qo‘shilmasligini bildirgandi. Shuningdek, qirg’iz yetakchisi ham Rossiya hujumini qo‘llab-quvvatlagandi.

Garibashvilining so‘zlariga ko‘ra, bu Gruziyaning milliy manfaatlariga ziyon yetkazadi.

Eslatib o’tamiz, 24-fevral erta tongda Rossiya Ukrainaga bostirib kirishni boshladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qilib, bundan ko‘zlangan maqsad Ukrainani delimitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish ekanini ta’kidladi. Dunyo yetakchilari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralashdi. AQSh, Britaniya, Kanada, YeI, Yaponiya yangi sanksiyalar e’lon qilganini bildirdi.

25-fevral kuni Vladimir Zelenskiy umummilliy safarbarlik to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Ukrainada hozirgi vaqtda harbiy harakatlar davom etmoqda.