Polsha Ukrainaga harbiy samolyotlarini yubormaydi, chunki NATO nizo tarafida emas. Bu haqda Polsha prezidenti Anjyey Duda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan birgalikdagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Foto: RIA Novosti

“Biz samolyotlarimizni yubormaymiz, chunki bu Ukrainadagi nizoga harbiy aralashuv va NATOning ushbu nizoga qo‘shilishini anglatadi. NATO bu nizo tarafida yo‘q”, degan u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaga Polsha samolyotlari yuborilmayapti.

Avvalroq Ukraina harbiy-dengiz kuchlari matbuot xizmati Bolgariya, Polsha va Slovakiya Ukrainaga 70ta harbiy samolyot yuborishini ma’lum qilgandi.

Eslatib o’tamiz, 24-fevral erta tongda Rossiya Ukrainaga bostirib kirishni boshladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qilib, bundan ko‘zlangan maqsad Ukrainani delimitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish ekanini ta’kidladi. Dunyo yetakchilari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralashdi. AQSh, Britaniya, Kanada, YeI, Yaponiya yangi sanksiyalar e’lon qilganini bildirdi.

25-fevral kuni Vladimir Zelenskiy umummilliy safarbarlik to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Ukrainada hozirgi vaqtda harbiy harakatlar davom etmoqda.