Avvalroq O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi sayti 1-mart, seshanba kuni xakerlik hujumiga uchragani haqida Sputnik nashriga tayanib, xabar bergandik. Tashqi ishlar vazirligi mazkur xabarga munosabat bildirdi.

Foto: Skrinshot

Vazirlik qator ommaviy axborot vositalarida tarqalgan mazkur xabarlar o‘z tasdig‘ini topmaganini ma’lum qilgan.

“Diplomatik vakolatxonaning elektron resursi (http://www.uzbekistan.org.ua/) hech qanday xakerlik hujumiga uchramagan va odatiy tartibda faoliyat ko‘rsatmoqda. Axborot makonida tarqalgan elchixonaning buzib kirilgan sayti skrinshoti soxta ekanligi aniqlandi”, – deyiladi TIV xabarida.

Maʼlumot o’rnida, Oʻzbekistonning Ukrainadagi elchixonasi 1,5 ming fuqaroni Ukrainadan evakuatsiya qilish ishlarini muvofiqlashtirish bilan faol shugʻullanib kelmoqda. Oʻzbekiston fuqarolari tashkillashtirilgan tartibda Ukrainaning Lvov shahri orqali dastlab Polshaga, undan soʻng Oʻzbekistonga maxsus parvozlar orqali olib chiqilmoqda. Elchixona sahifasida ushbu tashkiliy ishlarga doir axborot ham muntazam joylashtirib kelinayotgan edi.

Eslatib oʻtamiz, bir necha kun oldin Anonymous guruhi xakerlari Rossiyaga nisbatan kiberhujum eʼlon qilishgan edi. Kecha esa ular Rossiyaning bir necha yirik OAVlari sahifalarini buzishga muvaffaq boʻlishdi. Avvalroq xakerlar Kreml saytiga hujum uyushtirgani va Rossiya Prezidenti ma’muriyati ’zolarining telefon raqamlarini Internetga tarqatib yuborgani xabar qilingandi.