Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarga bagʻichlangan yigʻilishda telekanallarda namoyish etilayotgan seriallar haqida gapirdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi maʼlum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yigʻilishda bugun telekanallarda namoyish qilinayotgan seriallarda xotin-qizlar obrazi juda yuzaki, salbiy boʻyoqlarda tasvirlanayotgani yurtdoshlarimizning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgani aytildi. Bunday holatlar dunyoqarashi hali shakllanmagan qizlarimiz tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlandi.

Mutasaddilarga ibratli xotin-qizlar obrazlari aks ettirilgan yuksak badiiy, kino va sahna asarlari yaratish choralarini koʻrish, buning uchun ijodkorlarga maqsadli grantlar ajratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

“Shu oʻrinda, oqila qizlarimizga koʻnglimdagi bir fikrni aytmoqchiman. Bugun biz ochiq jamiyatda yashayapmiz. Bu imkoniyatdan toʻgʻri foydalanib, ilgʻor gʻoyalarni oʻzlashtirishimiz kerak. Lekin, milliy qiyofamizga putur yetkazadigan illatlardan ehtiyot boʻlishimiz, oʻzligimizni yoʻqotmasligimiz shart”, degan davlat rahbari.

Shuningdek, ibo-hayo, poklik, sabr, shukronalik, ilmga intilish singari ezgu qadriyatlarni targʻib qiladigan mobil ilovalar va internet platformalarini yaratish muhim ekani taʼkidlandi.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialidagi axloqsiz sahna aks etgan kadr tarqalgani, AOKA holat nazoratga olinib, tekshiruv ishlari boshlangani, ekspertiza natijalari Bosh prokuraturaga oshirilgani xabar berilgandi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva ushbu serialini tanqid qilib, badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtayi nazaridan xulosa berishga chaqirgandi.