Bugun, 1-mart kuni Ukraina poytaxti Kiyevdagi teleminora yaqiniga raketadan zarba berildi. Snaryadning teleminora oldiga tushib, portlagani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda.

Foto: Telegram

UNIAN nashrining yozishicha, teleminora raketa zarbasidan zarar ko‘rmagan. Raketa minora oldidagi boshqaruv binosiga tushgan. Oradan ko‘p o‘tmay teleminora yaqinida yana bir portlash yuz bergan.

Tarmoqda tarqalgan videolardan raketa tushgan hududda turar-joy binolari borligini ham ko‘rish mumkin.

Ukraina Oliy Radasi teleko‘rsatuvlar bilan bog‘liq muammolar mavjudligini bildirgan.

Eslatib o’tamiz, 24-fevral erta tongda Rossiya Ukrainaga bostirib kirishni boshladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qilib, bundan ko‘zlangan maqsad Ukrainani delimitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish ekanini ta’kidladi. Dunyo yetakchilari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralashdi. AQSh, Britaniya, Kanada, YeI, Yaponiya yangi sanksiyalar e’lon qilganini bildirdi.

25-fevral kuni Vladimir Zelenskiy umummilliy safarbarlik to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Ukrainada hozirgi vaqtda harbiy harakatlar davom etmoqda.