Buyuk Britaniya maxsus kuchlarining iste’fodagi askarlari guruhi Ukrainaga ixtiyoriy ravishda yo’l oldi. Bu haqda The Mirror nashri xabar berdi.

Foto: Xarkovdan kadr

Ularning so‘zlariga ko‘ra, askarlar 40 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan sobiq harbiylar bo‘lib, ular orasida yuqori malakali snaypyer hamda zenit va tankka qarshi raketalardan foydalanish bo‘yicha mutaxassislar bor.

“Birlashgan Qirollik maxsus kuchlarining iste’fodagi askarlari mamlakat mudofaasini qo‘llab-quvvatlash uchun Ukrainadagi missiyalarda qatnashishga ko‘ngilli bo‘ldi”, deya ma’lum qilgan nashr jurnalistlari.

Qayd etilishicha, ko‘ngillilar Ukraina maxsus kuchlari guruhlariga qo‘shilishni rejalashtirgan.

Shuningdek, avvalroq Vladimir Zelenskiy yangi bo‘linma – Ukraina hududiy mudofaa xalqaro legioni tuzilishini e’lon qilgan. Ma’lum qilinishicha, yangi bo‘linma Rossiya hujumini qaytarishda ishtirok etishni xohlovchi xorijliklardan iborat bo‘ladi.

Eslatib o’tamiz, 24-fevral erta tongda Rossiya Ukrainaga bostirib kirishni boshladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qilib, bundan ko‘zlangan maqsad Ukrainani delimitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish ekanini ta’kidladi. Dunyo yetakchilari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralashdi. AQSh, Britaniya, Kanada, YeI, Yaponiya yangi sanksiyalar e’lon qilganini bildirdi.

25-fevral kuni Vladimir Zelenskiy umummilliy safarbarlik to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Ukrainada hozirgi vaqtda harbiy harakatlar davom etmoqda.