Shavkat Mirziyoyev raisligida 1-mart kuni xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Unda davlat rahbari ayollarni e’zozlash, ehtirom ko‘rsatish qadriyat ekanini ma’lum qildi.

“Donishmand xalqimiz hamisha ayollarni e’zozlab yashagan, xotin-qizlarga yuksak ehtirom ko‘rsatib yashash el-yurtimizga xos azaliy qadriyatga aylangan.

Buni muqaddas Qur’oni karimning eng katta suralaridan biri — “Niso”, ya’ni “Ayollar” deb atalishi ham tasdiqlaydi. Alloh taolo ushbu surada insonlarni ayollarga adolatli munosabatda bo‘lishga da’vat etadi.

Muqaddas hadisi shariflarda ham xotin-qizlarga doimo yaxshilik qilish buyurilgan.

Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur mirzo kabi ulug‘ ajdodlarimiz, ma’rifatparvar jadidlarimiz ham oilaning tinch, mustahkam va farovon bo‘lishida, farzandlar tarbiyasida xotin-qizlarning o‘rni va ta’siri beqiyos ekanini alohida ta’kidlaganlar.

Bugungi kunda muhtarama opa-singillarimiz jamiyatimizda olib borilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar jarayonida, boshqaruv tizimida, tadbirkorlik, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at sohalarida, mahallalarda qanchalik fidokorona mehnat qilib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz”, degan prezident.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga safar qilgandi.