Ukrainadan evakuatsiya qilingan o‘zbekistonliklar chiqqan maxsus bort 28-fevral kuni Polshadan Toshkent xalqaro aeroportiga uchib keldi.

Foto: Skrinshot

Qayd etilishicha, Toshkent vaqti bilan taxminan 23:00larda Polshaning Katovitse shahridan “Uzbekistan Airways” maxsus samolyoti Ukrainadan evakuatsiya qilingan 251 nafar O‘zbekiston fuqarosi bilan uchib kelgan. Ular orasida ayollar, bolalar, talabalar va turli soha xodimlari mavjud.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda “Karchova” nazorat-o‘tkazish punktida Ukrainaning Lvov shahridan kelgan O‘zbekiston fuqarolari uchun to‘planish nuqtasi tashkil etilgan. Shu munosabat bilan fuqarolarni olib ketish uchun yana bir maxsus samolyot tashkil etilishi aytildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Ukrainadagi o‘z fuqarolarini Polsha orqali evakuatsiya qilmoqda. 28-fevral kuni Toshkent vaqti bilan 17:15da O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan ilk samolyot Polshadan O‘zbekistonga yo‘l olgandi. Avvalroq 90dan ortiq fuqarodan iborat birinchi guruh Polsha chegarasi tomoni yo‘lga chiqqani haqida xabar bergan edik. Kecha esa 600dan ziyod O‘zbekiston fuqarolari Polsha chegarasiga yetkazilgani aytildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Ukraina hududida 4300ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi borligini ma’lum qilgan. Ular Polsha orqali evakuatsiya qilinadi. Shuningdek, Ukrainadagi o‘zbekistonliklar uchun Polsha chegarasini kesib o‘tish tartibini tushuntirildi.