Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy umummilliy safarbarlik to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Hujjat Ukraina prezidenti rasmiy saytida e’lon qilingan.

Foto: RIA Novosti

Umummilliy safarbarlik e’lon qilinishi Rossiya bosqini bilan bog‘liq. Farmon kuchga kirgan kundan boshlab 90 kun ichida uni Ukrainaning barcha hududlarida qo‘llash topshirildi.

22-fevral kuni Rossiya o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olganidan so‘ng, Zelenskiy zaxiradagi harbiylarni chaqirish to‘g‘risida farmon chiqargandi, biroq u hali umumiy safarbarlik uchun zarurat ko‘rmayotganini aytgandi.

24-fevral kuni tongda, Rossiya bosqini boshlangach, Vladimir Zelenskiy Ukrainada 30 kun muddatga harbiy holat joriy etdi. Ukraina fuqaroligiga ega bo‘lgan 18-60 yoshli erkaklarga endi mamlakatni tark etish taqiqlanadi.

O’zi nima bo’ldi?

21-fevral kuni RF prezidenti Vladimir Putin rossiyaliklarga murojaatida Ukraina hukumatini qat’iy tanqid qilgan, shundan keyin ushbu mamlakat sharqidagi hududda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk respublikalarini tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.

Rossiyaparast separatistlar nazoratidagi Donetsk va Lugansk xalq respublikalari rahbarlari Rossiyadan harbiy yordam so‘radi. Federatsiya Kengashi 22-fevral kuni Rossiya qo‘shinlaridan foydalanishni ma’qulladi.

Bunga javoban esa 22-fevral kuni kechqurun Vladimir Zelenskiy ham telemurojaat bilan chiqdi. U Rossiya Ukraina suverenitetini buzgani va Minsk kelishuvlaridan bir tomonlama chiqqani, shuningdek Ukraina ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini aytdi.

Vladimir Putin 24-fevral kuniga kelib Donbassda “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qildi.

Operatsiya ortidan Ukrainada favqulodda holat e’lon qilindi.

Keyinroq Zelenskiy Ukraina Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Ukrainlar prezidenti zaxiradagilarni harbiy xizmatga chaqirish to‘g‘risida farmon imzoladi.