Bugun, 24-fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Donbassda maxsus harbiy operatsiya boshlanganini ma’lum qildi.

Foto: RIA Novosti

Prezident rossiyaliklarga qilgan maxsus murojaatida Donbassda maxsus harbiy operatsiya o‘tkazishga qaror qilganini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, Rossiyaning rejalarida Ukrainani bosib olish yo‘q.

Vladimir Putinning qo‘shimcha qilishicha, maxsus harbiy operatsiya o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror BMT Nizomining 51-moddasi 7-qismini inobatga olgan holda boshlangan. Ahamiyatlisi, BMT Bosh kotibi Rossiya DXR va LXRni tan olishini tashkilot nizomiga zid ekanini ma’lum qilgan.

Avvalroq rossiyaparast separatistlar nazoratidagi Donetsk va Lugansk xalq respublikalari rahbarlari Rossiyadan harbiy yordam so‘ragan edi. Federatsiya Kengashi 22-fevral kuni Rossiya qo‘shinlaridan foydalanishni ma’qullaganini xabar bergandik.

Shuningdek, Ukrainada favqulodda holat e’lon qilinishi haqida ham aytgandik.

21-fevral kuni RF prezidenti Vladimir Putin rossiyaliklarga murojaatida Ukraina hukumatini qat’iy tanqid qilgan, shundan keyin ushbu mamlakat sharqidagi hududda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk respublikalarini tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.

Bunga javoban esa 22-fevral kuni kechqurun Vladimir Zelenskiy ham telemurojaat bilan chiqdi. U Rossiya Ukraina suverenitetini buzgani va Minsk kelishuvlaridan bir tomonlama chiqqani, shuningdek Ukraina ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini qayd etgan.

Keyinroq Zelenskiy Ukraina Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Ukrainlar prezidenti zaxiradagilarni harbiy xizmatga chaqirish to‘g‘risida farmon imzolagan.