Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olishiga ovoz bergan va bunga hissa qo‘shgan Davlat Dumasining 351 nafar deputati hamda mamlakatning 27 nafar jismoniy va yuridik shaxslariga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda bugun, 23-fevral kuni Bryusselda tarqatilgan YeI kengashi bayonotida aytilgan.

Foto: Sputnik

“Mavjud tuzilma doirasida Yevropa Ittifoqi, 15-fevral kuni Prezident [Rossiya Federatsiyasi] Vladimir Putinni o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk suverenitetini tan olishga chaqirib yo‘llagan murojaatga ovoz bergan Rossiya Davlat Dumasining 351 nafar deputatiga nisbatan cheklov choralarini kengaytiradi. Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazish yoki tahdid qilishda muayyan rol o‘ynagan yana 27 nafar yuqori mansabdor jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan maqsadli cheklov choralari joriy etiladi”, – deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, ular orasida noqonuniy qarorlar qabul qilishda ishtirok etgan hukumat a’zolari, Rossiyaning Donetsk va Lugansk hududlaridagi operatsiyalarini moliyaviy yoki moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi yoki ulardan foyda ko‘ruvchi banklar va ishbilarmonlar/oligarxlar, bosqinchilik va beqarorlik faoliyatida rol o‘ynagan yuqori martabali harbiy ofitserlar hamda Ukrainaga qarshi dezinformatsion urush olib borish uchun mas’ul bo‘lganlar bor.

Umumiy hisobda Yevropa Ittifoqining Rossiya uchun qora ro‘yxati ikki baravar kengaydi va 555 shaxs hamda 52 tashkilotni o‘z ichiga oldi. 

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning davlat qarziga qarshi sanksiyalar kiritib, jamiyatning kapital va moliya bozorlariga kirishini chekladi. 

“Kengash Rossiya Federatsiyasi, uning hukumati va Markaziy bankini moliyalashtirish bo‘yicha tarmoq taqiqini joriy etishga qaror qildi. Rossiya davlati va hukumatining kapital, moliyaviy bozorlar va YeI xizmatlariga kirish imkoniyatlarini cheklash orqali YeI moliyalashtirishni cheklashga intiladi”, – deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, AQSh, Yevroittifoq, Buyuk Britaniya, shuningdek Yaponiya, Avstraliya va Kanada DXR va LXRni tan olgani uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etgan.

Eslatib o’tamiz, 21-fevral kuni RF prezidenti Vladimir Putin rossiyaliklarga murojaatida Ukraina hukumatini qat’iy tanqid qilgan, shundan keyin ushbu mamlakat sharqidagi hududda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk respublikalarini tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.