Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-fevral kuni “Avtotransport vositalarining ichki bozorini rivojlantirishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror imzoladi.

Foto: AUDI

Qarorga asosan, O‘zbekistonga avtomobillar import qilishda bojxona bojlari ikki bosqichda pasaytiriladi. Qaror imzolangan paytdan e’tiboran boj stavkalari 30 foizdan 15 foizga tushirildi, biroq avtomobil dvigaleti quvvatiga bog‘langan qo‘shimcha koeffitsiyentlar o‘zgarishsiz oldi.

2023-yil 1-yanvardan boshlab, qo‘shimcha koeffitsiyentlar ham ikki barobarga kamaytiriladi; shu bilan birga, 15 foizlik asosiy boj stavkasi o‘zgarmay qoladi.

Bojxona bojlarining pasaytirilishi faqat yangi (ishlab chiqarilgan sanasidan O‘zbekiston bojxona chegarasini kesib o‘tgan kungacha 1 yildan ortiq vaqt o‘tmagan) avtotransport vositalariga taalluqli. Ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshgan avtomobillar importi uchun 40 foizlik bojxona boji va qo‘shimcha koeffitsiyentlar hisoblanadi (bunga qadar ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan avtomobillar uchun shunday tartib qo‘llanilar edi).

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni avtomobilsozlik sohasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, unda bojlarni ikki barobarga pasaytirish topshirig‘ini bergan edi.

“Sekin-sekin bojxona to‘lovlari nol bo‘lishi kerak. Raqobat bo‘lishi kerak, arzon va sifatli [avtomobillar bo‘lishi uchun]”, degandi davlat rahbari.