Ijtimoiy tarmoqlarda “Kinoteatr” telekanali orqali efirga uzatilgan filmlarning birida ochiq sahnalar namoyish etilgani haqidagi lavha jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi. Bu haqda AOKA xabar berdi.

Foto: Sostav.ru

Qayd etilishicha, mazkur lavha 2022-yilning 31-yanvar kuni soat 22:00da efirga uzatilgan “Baunti” filmi namoyishidan olingan.

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan dastlabki o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish ishlari Agentlik tomonidan nazoratga olinib, ekspertlar tayinlangan.

O‘rganish yakunlari yuzasidan tayyorlangan xulosa asosida “Kinoteatr” telekanaliga taqdimnoma hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga huquqiy baho berish uchun ma’lumot kiritilishi ma’lum qilingan.

Eslatib o’tamiz, avvalroq “Sevimli” telekanali orqali milliy serial namoyish etish chog‘ida axloqsizlik sahnalari mavjudligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilayotgani, natijalari Bosh prokuraturaga oshirilgani xabar berilgandi.