Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko “Belarus armiyasining butun kontingenti” Ukraina bilan chegaraga joylashtirilishini ma’lum qildi. Bu haqda u Belarus davlat chegara qo‘mitasi rahbari bilan uchrashuvda aytib o’tdi.

Foto: Sputnik

Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus va Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish rejalari haqida ancha oldin ma’lum qilgan.

“Rossiya bilan harbiy mashg‘ulotlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, bu allaqachon e’lon qilingan edi. O‘tgan yili yirik masshtabda mashg‘ulotlar o‘tkazdik. Bu yil ham Belarusning janubida harbiy o‘quv mashg‘ulotlari olib boramiz. Bu biz uchun muhim, chunki u yerga Belarus armiyasining butun kontingentini joylashtirishimiz kerak bo‘ladi. Bu ishg‘ol qilish bilan bog‘liq emas. Shunchaki janubiy chegaramizni himoya qilmoqchimiz”, degan Lukashenko.

Uning qayd etishicha, siyosatchilar nafaqat Latviya, Litva, Polsha, balki Ukraina chegarasida ham qo‘shinlar to‘planishiga e’tibor qaratishi kyerak.

“Janubiy chegaraga birinchi bo‘lib e’tibor qaratgan biz emas, ukrainaliklar bo‘ldi. Ular chegaraga qo‘shin tortishni boshladi. Bilmadim, nima uchun ular buni amalga oshirdi?”, deya qo’shimcha qilgan u.

Avvalroq Ukraina chegarasidagi Rossiya qo‘shinlarining sun’iy yo‘ldosh tasvirlari e’lon qilingandi.

2021-yilning oxirlaridan buyon g‘arb matbuoti “Rossiya Ukrainani bosib olishga tayyorlanayotgani” haqida tashvishli xabarlarni ko‘p yozmoqda. Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegaralariga yaqin keltirilishi natijasida NATO tezkor javob berish kuchlari jangovar holatini kuchaytirgan.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Ukraina chegarasida to’plangan Rossiya qo‘shinlarining yuqoridan olingan tasvirlari e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.

Yaqinda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya tez orada Ukrainaga hujum qilishini aytgandi.

Bir necha kun avval Oq Uy Matbuot kotibi Jen Psaki Rossiya qachon Ukraina hududiga bostirib kirishi haqida ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, Moskva Kiyevga joriy yilning yanvar-fevral oylarida hujum qilishni ko‘zlamoqda.

“Biz Rossiya hukumati bosqinga tayyorgarlik ko‘rayotganidan xavotirdamiz. Biz buni avval ham ko‘rganmiz. Bu voqealar bizga 2014-yil, Rossiya Ukraina sharqidagi kuchlarga qarshi hujum qilish uchun ularga qarshi sabotaj va axborot operatsiyalari uyushtirgan paytni eslatmoqda. Rossiya harbiy rejalari yanvar va fevral o‘rtalarida boshlashi mumkin”, degan edi Psaki. 

Buning ortidan Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi Oq uyning Ukrainaga bosqin uyushtirish vaqti haqidagi bayonotini “soxta va axborot bosimi” deya atagandi.