O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan “Sabriya” nomli milliy teleserialida axloqsizlik sahnalari yuzasidan boshlagan ekspertizasi yakunlandi. Agentlik o‘rganish natijalarini e’lon qildi.

Foto: Sevimli

Ekspertiza davomida teleserialning 2021-yil 29-dekabr kungi qismida Arslon ismli qahramonning mehmonxonada begona ayol bilan yotgani, 2022-yil 4-yanvar kungi qismida bir ayolning mast holatdagi turmush o‘rtog‘ini uni xo‘rlagani uchun uxlab yotgan vaqtida pichoqlab o‘ldirgani, bundan tashqari, 14 yanvar kungi qismida esa uch nafar bezorining giyohvand moddalarni iste’mol qilgani va ularning bitta xonadonga bostirib kirgani, yigitlardan biri uydagi ayolga zo‘rlik ishlatgani tasvirlangan syujetlar o‘rganilgan.

Ekspertlar quyidagi xulosaga kelishgan:

  • lavha syujetidagi o‘g‘rining ayolga qilgan xatti-harakatlari kuch ishlatish yo‘li bilan nomusiga tegishga urinish sahnasi sifatida baholandi. Bunday teleseriallarning namoyish etilishi yoshlar o‘rtasida xotin-qizlarga nisbatan kuch ishlatishga moyillikni oshirishga xizmat qiladi;
  • badiiy film va teleserial jamiyatdagi qarashlarni, yoshlarning tarbiyasini shakllantiradigan muhim vositalardan biri ekanini hisobga olib, ommaga taqdim etilayotgan har bir syujet, so‘z va harakat uchun mas’uliyatli bo‘lish kerak;
  • ayollarning obro‘yiga jiddiy putur yetkazayotgan sayoz “ijod namunalari” efirga uzatilishining oldini olish, gender tengligi va boshqa umuminsoniy qadriyatlar, milliy mentalitetni hisobga olib, etika nuqtai nazaridan teleseriallarni telekanallarning badiiy tahlilidan o‘tkazilgandan so‘nggina namoyish qilish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, ayolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tajovuz tasviri aks etgan ushbu lavha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan keskin tanqid qilinib, salbiy fikr-mulohazalar ifoda etilishiga, shu jumladan, ayrim fuqarolar, mas’ul xodimlarning obro‘sizlanishiga sabab bo‘lgan.

“Sabriya” nomli milliy teleserial bo‘yicha tayyorlangan ekspertiza xulosasi o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish va huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga jo‘natilgan.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialidagi axloqsiz sahna aks etgan kadr tarqalgani, AOKA holat nazoratga olinib, tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qilgandi. Keyinroq O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov (“Sevimli” telekanali rahbari Amira Rashidovaning otasi) xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan milliy seriallar bo‘yicha izoh berdi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva ushbu serialini tanqid qilib, badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtayi nazaridan xulosa berishga chaqirgandi.

Keyinroq O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov (“Sevimli” telekanali rahbari Amira Rashidovaning otasi) xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan milliy seriallar bo‘yicha izoh berdi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Abduxoliqovning izohiga munosabat bildirib, bu kabi masalalarni “uyda kelishib olish” kerakligini kinoya qildi.

Yaqinda ushbu voqealar ortidan “Sevimli” va Kinematografiya agentligi rahbari atrofidagi manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan tekshiruv boshlangan edi. Bugungi taqdim etilgan ma’lumotga ko’ra, Kinematografiya agentligi shartnomalar tuzishda va davlat subsidiyasi mablag‘larini taqsimlashda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani tasdiqlandi.