O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining hal qiluv  qarori bilan ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalar va kanallar ekstremistik deb topildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Foto: Sputnik

“Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning  11-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan, tayyorlanayotgan, saqlanayotgan, tarqatilayotgan va namoyish etilayotgan, ommaviy axborot vositalarida yoki telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatilayotgan va namoyish etilayotgan materiallar agar ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga oshkora da’vat qiladigan yoxud shunday faoliyatni amalga oshirish zarurligini asoslab beradigan yoki oshkora oqlaydigan, tarqatish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud tomonidan ekstremistik materiallar deb topiladi hamda ularni olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etish, shuningdek ularni ommaviy axborot vositalarida yoxud telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish va namoyish etish taqiqlanadi.

Yuqoridagilarga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2021-yil 24-dekabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra,  ijtimoiy tarmoqlarga joylangan  bir qator materiallar ekstremistik materiallar deb topildi hamda ushbu materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tarqatish, namoyish etish hamda saqlash taqiqlandi.  

“Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, taqiqlangan  tashkilotlar (materiallar)ning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining veb-saytida e’lon qilinmoqda.

Jinoyat kodeksining 244(1)-moddasiga asosan ushbu materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

To‘liq ro‘yxat bilan Adliya vazirligining rasmiy veb-sayti hamda Ochiq ma’lumotlar portali orqali tanishishingiz mumkin. Ro‘yxatga 166ta sahifa kiritilgan.