Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Davlat raisi Kim Chen In Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga maktub yo‘lladi, deb yozadi “Neytral Turkmaniston” gazetasining bugungi soni.

Foto: RIA Novosti

KXDR raisi maktubida Berdimuhamedovni Koreya Xalq Demokratik Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan tabriklagan.

Kim Chen In Turkmaniston bilan anʼanaviy doʻstlik va hamkorlik munosabatlari “yangi davr taqozosiga muvofiq” izchil rivojlanib borayotgani ikki mamlakat xalqlarining istak va manfaatlariga javob berishini taʼkidlagan.

Maktub soʻngida Kim Chen In Turkmaniston rahbariga mustahkam sogʻlik va prezident sifatida kelgusida ulkan muvaffaqiyatlar, Turkmaniston xalqiga esa farovonlik tilagan.

Ma’lumot uchun, Shimoliy Koreya Turkmaniston mustaqillikka erishganidan keyin diplomatik aloqalar o‘rnatgan ikkinchi davlatdir. Shu yilning 10-yanvarida bu munosabatlar 30 yoshga to’ldi. Turkmanistonning KXDRdagi elchisi vazifalarini bir vaqtning o‘zida Pekindagi Turkmaniston diplomatik vakolatxonasi rahbari bajaradi. KXDRning Turkmanistonda elchixonasi yo‘q.