O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda Solixon domla nomi bilan mashhur bo‘lgan Ortiqxo‘jayev Solixon Mahkamovichning internet tarmoqlaridagi keskin chiqishlari fuqarolar, ayniqsa, Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi vatandoshlarimizning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Foto: Youtube

“O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimi vakillarining Islom dini ta’limotlarini jamiyatni birlashtirish yo‘lida emas, aksincha keskinlik keltirib chiqarishga sabab bo‘ladigan shaklda bayon qilishlari, aholi orasida noxush bahs-munozaralarga sabab bo‘lishlarining oldini olish uchun o‘zini mas’ul hisoblaydi.

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari hamda mehnat majburiyatlarida ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida fuqarolar, davlat, jamoat va diniy tashkilotlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi axborot tarqatmaslik, salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab bo‘luvchi chiqishlar qilmaslik talablari qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 2021-yil 30-noyabr kuni chiqarilgan buyruqda diniy soha xodimlari tomonidan jamoat oldida, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda muayyan shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan ma’lumot e’lon qilish O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilangan tartibda mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan intizomiy chora ko‘rilishi qayd etilgan.

Taassufki, o‘tgan davr davomida Diniy idora Solixon domla Ortiqxo‘jayevning faoliyatidan kutilgan natijalarni olmadi. Domla birinchidan, aksariyat vaqtini turli hududlarda istiqomat qiluvchi muxlislari taklif etgan to‘y-marosimlarga sarflab, ikkinchi tomondan, yashash manzili uzoqda ekanini sabab qilib, biriktirilgan masjidda to‘laqonli ishlagani yo‘q.

Eng asosiysi, Solixon domla O‘zbekiston musulmonlari idorasi ichki mehnat tartibi, buyruqlari, shuningdek, imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari va mehnat majburiyatlarida axborot tarqatish, ma’ruza qilish masalalarida yuqorida qayd etilgan talablarga rioya eta olmadi. O‘tgan davr ichida Solixon domla ijtimoiy tarmoqlarda diniy soha vakili maqomiga zid chiqishlari uchun bir necha bor O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan ogohlantirilib, unga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi” — deyiladi munosabatda.

Bundan tashqari, Solixon domla 2021-yilda o‘zining chiqishlarida amaldagi qonun talablarini buzgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.