“UzAuto Motors” kompaniyasi Rossiya bozoriga “Chevrolet Tracker” krossoveri va shu markadagi “Onix” sedanini olib kiradi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.

Foto: Repost

Ma’lum qilinishicha, Rossiyada “Tracker” krossoverining debyuti 2022-yilning dekabrida yoki 2023-yilning yanvarida bo‘lib o‘tadi. “Onix” esa 2023-yil yozining boshida bozorga chiqishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda krossover sotuvi 2022-yil sentyabrda, sedan esa 2023-yil martida boshlanadi. O‘lchamlari bo‘yicha “Hyundai Creta”ga o‘xshash “Chevrolet Tracker” krossoveri Xitoyda 2019 yildan beri sotilmoqda va uning narxi 119 ming yuandan (1,4 million rubl) boshlanadi. “Onix”ning jahon savdosi ham xuddi shu yili boshlangan. Braziliyada sedan mamlakatda eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘lib, uning narxi 68,3 ming realdan (940 ming rubl) iborat.

Avvalroq, “UzAuto Motors” “Lacetti” va “Cobalt” mashinalarini magnitolasiz yetkazib berishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, “UzAuto Motors” Ozarbayjonda avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani xabar berilgandi.