O‘tgan yilning aprel oyida Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida kundoshining 9 yoshli qizini kanalga tashlab yuborgan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudi raisi Botir Mo‘minov ma’lum qildi.

Foto: Daryo

Sud hukmida keltirilishicha, o‘tgan yilning 14-aprel kuni Buvayda tumani Ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismiga “Maslahat” mahalla fuqarolar yig‘ini, Chirkay qishlog‘i hududidan oqib o‘tgan Oyimtarra kanaliga yosh qiz noma’lum ayol tomonidan urib, tashlab yuborilgani xabar qilingan.

Surishtiruv davomida fuqaro M.Ye. sobiq turmush o‘rtog‘i B.Y.ni u bilan shar’iy nikoh asosida yashab kelayotgan M.J.dan rashk qilgani, kundoshidan o‘ch olish maqsadida uning 2012-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizi F.F.ni 14-aprel kuni maktabdan aldab olib ketgani aniqlangan. M.Ye. qizni yo‘lovchi mashinada Chirkay qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi Oyimtarra kanali yaqiniga olib kelib, qasddan o‘ldirish maqsadida bosh sohasiga tosh bilan urib, kanalga tashlab yuborgan.

Ushbu holatni Buvayda tumanida yashovchi Sh.Ya. (2005-yilda tug‘ilgan) ko‘rib qolgan va F.F.ni kanaldan qutqarib olgan.

Holat yuzasidan Buvayda tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) 97-moddasi 2-qismi “v” (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ldirish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, M.Y.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tumani sudi tomonidan sudlanuvchi M.Y.ga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan. Jazo o‘tash muddati 2021-yil 15-aprel kunidan boshlab hisoblanadi.