Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Norin tumanidagi 1-maktab o‘quvchisiga berilgan noutbuk qaytarib olingani haqidagi videomurojaat tarqaldi.

Foto: Skrinshot

Videomurojaatda aytilishicha, Respublika miqyosida o‘tkazilgan onlayn olimpiadada matematika fani bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Murodjon ismli o‘quvchiga berilgan noutbuk qaytarib olingan.

“2022-yil 10-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Respublika onlayn olimpiadasida birinchi o‘rinni egalladim va menga noutbuk bilan faxriy yorliq berildi. Ammo bu noutbukni maktabimiz o‘qituvchilari olib qo‘ydi. Sababini so‘raganimda “bu mukofot seniki emas, chunki seni nomingdan biz ishlaganmiz, biz mehnat qilganmiz” dedi. O‘qituvchiga berilgan sovg‘ani esa metodist ishlatadi, u ham mehnat qilgan deb metodistga berib qo‘ydi”, degan Murodjon o‘z videomurojaatida.

Avvalroq Samarqandda “Bir million dasturchi” loyihasida birinchi o‘rinni olgan o‘quvchiga ishlatilgan noutbuk sovg‘a qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ushbu voqeadan so’ng Nurobod tumani hokimining farmoyishi bilan IT-tanlovda g‘olib bo‘lgan yoshlarni taqdirlashda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun hokimning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Navro‘zbek Jaloliddinovga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasi (intizomiy jazolar) 1-bandiga asosan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgandi. Keyinroq u ishdan bo‘shatilgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Nurobod tumani Xalq ta’limi bo‘limi ta’lim jarayoniga AKTni joriy etish sho‘basi bosh mutaxassisi Asliddin Dangalov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ham 17-yanvardan e’tiboran bekor qilingan. Keyinchalik IT Park g‘olibga berilgan noutbuk yangisiga alishtirib berilganini ma’lum qildi.