O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan seriallardan birida axloqsiz sahnalar efirga uzatilgani va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qildi.

Foto: Sostav.ru

” ‘Sevimli’ telekanali orqali milliy serial namoyish etish chog‘ida axloqsizlik sahnalari mavjudligi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan materiallar jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan dastlabki o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Holat yuzasidan tekshiruv ishlari Agentlik tomonidan nazoratga olinib, ekspertiza tayinlandi.

Ekspertiza natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, – deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, bunday holat “Sevimli” telekanali bilan birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. 2018-yilda ham kanal pornografik sahnalari mavjud filmini efirga uzatgani uchun ogohlantirilgandi.