Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi xalqaro munosabatlar institutining anjumanlar zalida 5-yanvar kuni Turkmaniston rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning “Jonajon o‘lka, Turkmaniston!” nomli yangi she’riga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Panorama.pub

Ma’lum qilinishicha, tadbir ishtirokchilari do‘stlik, o‘zaro ishonch, teng huquqli sheriklik tamoyillarining daxlsizligini aks ettiruvchi ushbu she’r xalqaro ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

Konfyerentsiya ishtirokchilari anjuman davomida TIV rahbari Rashid Meredov, institut rektori Jumamirat Gurbangeldiyev va boshqa ko‘plab professor o‘qituvchilarning ma’ruzalarini tinglagan.

Qayd etilishicha, Yangi yil bayrami munosabati bilan xalq e’tiboriga havola etilgan mazkur she’r davlat rahbari nomidan o‘ziga xos tuhfa bo‘lgan. Bundan tashqari, yig‘ilganlar she’rda davlatning ichki va tashqi siyosatini samarali amalga oshirish yo‘lida erishgan ulkan yutuq va muvaffaqiyatlari tasvirlanganini qayd etgan.

Ta’kidlanishicha, Berdimuhamedov she’ri orqali barchani o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga amal qilishga, tinchlik-osoyishtalikning odamlar hayotida tutgan o‘rniga ahamiyat berishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, Turkmanistonda 2022-yil shiori mamlakat prezidenti sharafiga “Arqadag‘ bilan xalq davri” deb nom berilgan.