Hukumat qarori (5-son, 05.01.2022 y.) bilan Fuqarolarning xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza yuborish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

pasport zagran
Foto: Google

Xorijga chiqish biometrik pasportini “my.gov.uz” orqali olish tartibi belgilandi.

Ma’muriy reglamentga ko‘ra, xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun fuqarolar arizani o‘z xohishiga ko‘ra quyidagilardan biriga berishi mumkin:

  • IIVning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga kelgan holda;
  • davlat xizmatlari markazlariga kelgan holda;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali.

Ariza berishda so‘rovnoma to‘ldiriladi, so‘rovnomada xato ma’lumotlar ko‘rsatilganda yoki hujjatlar to‘liq bo‘lmaganida, kamchiliklarni bartaraf etish uchun ariza beruvchiga 5 ish kuni beriladi, xatolar bartaraf etilmasa so‘rovnoma rad etiladi.

Fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun 3 ish kunida davlat bojini to‘laydi (BHMning 1,2 baravari – 324 ming so‘m, 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarga BHMning 80 foizi – 216 ming so‘m).

Ariza beruvchi arizasi qabul qilinganligi va fotosuratga tushish hamda qo‘l barmoq elektron izlarini olish uchun kelish kuni haqida 1 ish kunida xabardor qilinadi.

Xorijga chiqish biometrik pasporti 10 ish kunida beriladi.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Xorijga chiqish pasportini Davlat xizmatlari markazlari orqali olish yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.