6-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Aziza Qurbonova

Suhbatda davlat rahbarlari O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qildilar, shuningdek, mintaqadagi vaziyat, shu jumladan qo‘shni Qozog‘istonda vujudga kelayotgan holat yuzasidan fikr almashdilar.

Ikki mamlakat yetakchilari hozirgi voqealarning ishtirokchisi bo‘lgan tomonlarni vazminlikka va vujudga kelgan masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdilar.

Davlat rahbarlari mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga bundan buyon ham birgalikdagi sa’y-harakatlarni qaratishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Mirziyoyev Qozog‘istondagi vaziyat bo‘yicha To’qayev bilan telefon orqali muloqot qilgani xabar berilgandi.