O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘istondagi elchixonasi va Bosh konsulxonalari ushbu mamlakat hududidagi O‘zbekiston fuqarolari, shu jumladan talabalar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Foto: Sputnik

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari odatdagi tartibda faoliyat yuritmoqda. Zarur holatlarda O‘zbekiston fuqarolariga huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.

“Shu bilan birga, Qozog‘istonning ayrim hududlarida favqulodda holat e’lon qilinishi munosabati bilan mazkur mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlarga rioya qilishlarini so‘raymiz.

Zarurat tug‘ilganda, hamyurtlarimiz istalgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasining Nur-Sulton (telefon: +7 771 020 36 73), Olma-ota (telefon: +7 777 950 44 33) va Aqtau (telefon: +7 777 599 00 51) shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin” – deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

O’zi nima bo’ldi?

Qozog’istonning Mang‘istau oblastida 2-yanvardan beri aholi suyultirilgan gaz narxi oshirilganiga qarshi norozilik mitinglari o‘tkazmoqda. Norozilik namoyishlariga Qozog‘istonning boshqa shaharlari aholisi ham qo‘shilgani aytilmoqda. Tobora jiddiylashgan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Namoyish ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, bugun Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jo’mart To‘qayev esa Hukumat iste’fosi ortidan mamlakatning ayrim joylarida favqulodda holat e’lon qildi. Ushbu mitinglar fonida mamlakatda gazni qayta ishlash zavodi direktori qo‘lga olingan.