O‘zbekiston ichki mavsumiy iste’molni qoplash uchun Rossiyaga tabiiy gaz eksportini noma’lum muddatga to‘xtatdi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qilgan.

Foto: “O`zbekneftgaz” axborot xizmati


Ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda Rossiyaga gaz yetkazib berish amalga oshirilmayapti. Shuningdek, 2022-yilga mo‘ljallangan rejalar ham mavjud emas.

Qayd etilishicha, 2018-yilda O‘zbekiston “Gazprom”ga 3,8 mlrd. kub metr gaz yetkazib bergan. 2019-yilda yetkazib berish hajmini 4,9 mlrd. kubga oshirgan, 2020-yilda esa to‘xtatilgan. O‘z navbatida, 2020-yilda “Gazprom” turkman gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni boshlagan.

“Markaziy Osiyo davlatlari hozir juda jadal rivojlanmoqda. Bu, birinchi navbatda, O‘zbekistonga tegishli. Biz bu mamlakatda iste’molning katta o‘sishini kuzatayapmiz. Shu bois, tabiiyki, gaz xaridi ma’lum darajada qisqaradi. Chunki davlat gazni o‘z ehtiyojlari uchun yo‘naltiradi”, – deya O‘zbekiston gazi bilan bog‘liq vaziyatga izoh bergan “Gazprom” boshqaruvi raisi o‘rinbosari, “Gazprom eksport” bosh direktori Yelena Burmistrova.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston asosan tabiiy gazni Xitoyga eksport qiladi. XXR bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat 2020-yilda 3,277 milliard kub metr, 2021-yilning 10 oyida esa 4 milliard 200 million kub metr tabiiy gazni Xitoyga yetkazib bergan.