OTM talabalari, akademik litsey va hunar maktablari o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 24-yanvargacha uzaytirildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

2021/2022 o‘quv yilining ikkinchi yarmini to‘liq va puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda boshlash maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishqi ta’til muddati 2022-yil 24-yanvarga qadar uzaytirildi.

Qishki ta’til davrida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylar talaba-o‘quvchilarining vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamkorligida onlayn fan olimpiadalari, intellektual viktorinlar tashkil etiladi.

2022-yilning 11-yanvarigacha bo‘lgan muddatga xarid qilingan avia va temir yo‘l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib beriladi.

Talaba-o‘quvchilarga o‘z uylaridan ta’lim muassasalariga qaytishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia hamda temir yo‘l chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham 2022 yilning 24-yanvariga qadar uzaytirildi.

“Mazkur masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlikda Maxsus shtab tashkil etilgan bo‘lib, barcha tashkiliy masalalar yuzasidan quyidagi ishonch telefonlariga (10-06, 71-246-97-45, 71-246-28-63) murojaat qilishingiz mumkin”, – deyiladi vazirlik xabarida.