Oliy sud binosida 6-yanvar, payshanba kuni mustabid sovet tuzumi davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan va hozirgi kunga qadar oqlanmagan 120 nafar shaxsga oid jinoyat ishlari ko‘rib chiqildi.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Qayd etilishicha, sud davomida muftiy Sadriddinxon Sharifxo‘jaev, Mirzo Ibrohim miroxo‘r Ismoilov rahbarligida 40dan ortiq Buxoro amirining amakisi, kuyovi, taniqli dodxohlar, sobiq harbiylar, qozi va ulamolar, Muhammad Siddiq Mansurbekov (Sag‘ir boyvachcha) kabi farg‘onalik, Tog‘ay Amin Safarov, Do‘styor jivachi Mo‘minov, Rahmatulla Bekbo‘taev kabi qashqadaryolik bobolarimiz, jami 120 nafardan ortiq qatag‘on qurbonlari ishi ko‘rib chiqilgan.

Ta’kidlanishicha, ularga sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda, qalbaki hujjatlardan foydalangan holda urushni e’lon qilish hamda sovet davlatiga qarshi kurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etish, aksilinqilobiy maxfiy tashkilotini tuzganlikda kabi ayblovlar qo‘yilgan va og‘ir jazolarga hukm qilingan.

Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlislarida 2021-yil dekabr oyida kelib tushgan bir guruh shaxslarga nisbatan 6ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. xususan, keltirilgan protestlar qanoatlantirilgan va Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 120 nafar shaxs oqlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 25-avgust kuni sovet tuzumi davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan va hozirga qadar oqlanmagan 100dan ortiq shaxsga oid jinoyat ishlari ko‘rib chiqilib, oqlangan edi.