11-dekabr kuni tungi soat 02:30larda bir guruh noma’lum shaxslar (yuziga niqob va qo‘liga qo‘lqop kiygan holda temir moslama bilan qurollanib) Nurafshon shahar markazida o‘rnatilgan “Poytaxt bank” AJga qarashli bankomatlarning biriga hujum qilganlar. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB xabar berdi. 

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Ular kodli seyfni buzish orqali bankomat ichidan jami 19 mln. 433 ming so‘m miqdoridagi pullarni olib (bankomat ichida yana 180 mln so‘m pul bo‘lgan), voqea joyidan yashiringan.

Holat yuzasidan Nurafshon shahar IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida ushbu jinoyatni – O‘rta Chirchiq va Bektemir tumani hamda Nurafshon shahrida yashovchi 22-24 yosh orasidagi 5 nafar shaxs sodir qilganligi aniqlanib, ular O‘zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Surishtiruv davomida ushbu shaxslar 13 dekabr kuni ham shahar markazidagi oziq-ovqat do‘konini oldiga o‘rnatilgan “Paynet” to‘lov terminalini buzib, ichida bo‘lgan pulni olmoqchi bo‘lganligi biroq ularning bu harakati natija bermagani aniqlangan.

Nurafshon shahar IIB Tergov bo‘limi tomonidan ushlangan shaxslarga nisbatan JKning 25-, 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.