Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Kollektiv xavfsizlik kengashi tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatda tartib o‘rnatish uchun Qozog‘istonga tinchlikparvar kontingent yuborishga qaror qildi.

Foto: Google

“Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo’mart To‘qayevning murojaati munosabati bilan hamda Qozog‘iston Respublikasining milliy xavfsizligi va suverenitetiga, xususan, tashqi aralashuv natijasida yuzaga kelgan tahdidni hisobga olib, KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasining 4-moddasiga muvofiq, ushbu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish maqsadida KXShT kuchlarini cheklangan muddatga Qozog‘iston Respublikasiga yuborishga qaror qildi”, degan KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashi raisi, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan.

5-yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo’mart To‘qayev Qozog‘istondagi tartibsizliklarga sababchi bo‘lgan terrorchi to‘dalar “mohiyatan xalqaro bo‘lib, ular xorijda jiddiy tayyorgarlikdan o‘tgani, ularning Qozog‘istonga hujumini esa tajovuzkorlik harakati sifatida ko‘rish mumkin va kerak”ligini aytgandi.

KXShTning rasmiy hujjatlariga ko‘ra, “agar ishtirokchi davlatlardan biri tajovuzga (xavfsizlik, barqarorlik, hududiy yaxlitlik va suverenitetga tahdid soluvchi qurolli hujum) uchrasa, bu ushbu shartnomaning barcha ishtirokchi davlatlari tomonidan tajovuz (xavfsizlik, barqarorlik, hududiy yaxlitlik va suverenitetga tahdid soladigan qurolli hujum) sifatida baholanadi”.
 
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti kotibiyatining xabar berishicha, Qozog‘iston tomonining yordam so‘ralgan murojaatida mamlakatdagi vaziyat “chet eldan tayyorlangan bandit tuzilmalarining bostirib kirishi” sifatida baholangan. 

Maslahatlashuvlardan so‘ng KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashi “mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish maqsadida” kollektiv tinchlikparvar kuchlarni Qozog‘istonga cheklangan muddatga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Hozirgi vaqtga kelib Olmaotada aksilterror maxsus operatsiya boshlandi.

O’zi nima bo’ldi?

Qozog’istonning Mang‘istau oblastida 2-yanvardan beri aholi suyultirilgan gaz narxi oshirilganiga qarshi norozilik mitinglari o‘tkazmoqda. Norozilik namoyishlariga Qozog‘istonning boshqa shaharlari aholisi ham qo‘shilgani aytilmoqda. Tobora jiddiylashgan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Namoyish ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, bugun Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jo’mart To‘qayev esa Hukumat iste’fosi ortidan mamlakatning ayrim joylarida favqulodda holat e’lon qildi. Ushbu mitinglar fonida mamlakatda gazni qayta ishlash zavodi direktori qo‘lga olingan.