2021-yilning 23-noyabr kuni Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filialining 2 bosqich talabasi Lochinbek Ergashev Buxoro shahridagi ijarada yashab kelayotgan uyning hammomidan o‘lik holda topildi. Bu haqda “Nasafnews”ga xabar qilgan marhum 23 yoshli yigitning yaqinlari uni o‘ldirib ketishgan degan gumonga bormoqda.

Foto: Nasafnews

Ma’lum bo‘lishicha, marhum talaba Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani Qutchi qishlog‘ida istiqomat qilgan. Buxoro viloyatidagi institut filialiga o‘qishga kirgani uchun Buxoro shahridagi uylarning birida ijarada yashab kelgan. Uning vafotiga is gazidan zaharlanish sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Aytilishicha, marhum 23-noyabr kuni ijarada yashab kelgan xonadonning uyidagi hammomdan o‘lik holda topilgan.

O‘lim haqidagi tibbiy guvohnomada organizmni is gazidan zaharlanishi va nafas faoliyati yetishmovchiligi o‘lim sababi qilib ko‘rsatilgan. Ammo marhumning ota onasi vafot etgan o‘g‘lining jasadida jiddiy tan jarohatlari ko‘rganligini aytishmoqda.

“Ekspertiza natijasini 1 oylab kutdik. Natijada esa is gazidan zaharlanish deb ko‘rsatishdi. Ammo o‘g‘lim vafot etgan kuni bizga is gazidan deb aytishmagandi. Qolaversa, ijarada yashab kelgan uyning egalari ham o‘g‘limni is gazidan zaharlanganini rad etishyapti. Ular menga «o‘g‘lingni biror kasali bor edimi yoki birortasi bilan tortishib qolganmidi» deyishdi. O‘g‘limning hech qanday kasali yo‘q. U o‘z-o‘zidan hammomga kirib o‘lib qolishiga ishonmayman”, degan marhum yigitning otasi Hasan Tursunov.

Marhumning tog‘asi va otasining qo‘shimcha qilishicha, jasadning tanasida jiddiy tan jarohatlari bo‘lgan.

“Shu kuni bizning hech qanday ruxsatimizsiz murdani yorib ko‘rishgan. Aniq tashxisni bilish uchun. Ammo bu bo‘yicha mendan ham onasidan ham ruxsat so‘rashmadi. Eng yomoni, o‘g‘limning jasadini yuvgan yaqinlarimiz uning tanasida jiddiy tan jarohatlarini ko‘rishgan. Ko‘krak qismi, orqa miya va yuz qismida shilinish va ko‘karish bo‘lgan. Orqa miyasi esa teshib tashlangan deb aytishdi”, deya qo‘shimcha qilgan yigitning otasi Hasan Tursunov.

“Hech qachon bolam gazdan o‘lmagan. Chunki hamma borib tekshirib keldi. Gaz idorasini mas’ullari ham gazdan emas deb aytishgan. Bu yerda qandaydir jinoiy ish bo‘lgan”, deya yig‘lab gapirgan marhumning onasi.

“Nasafnews” mazkur murojaat yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Anvar Esanov bilan ham bog‘langan. U bu bo‘yicha qaror e’lon qilingani, jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilganini ma’lum qilgan va marhumning otasiga bu borada tushuntirish berilganini aytgan.