Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari Prezident Qosim-Jo’mart To‘qayevning iste’fosini talab qilayotganlar tomonidan uyushtirilmoqda, buni oddiy ko‘z bilan ko‘rish mumkin va davlat rahbarining o‘zi ham bundan xabardor. Bu haqda MDH davlatlari instituti direktori o‘rinbosari Vladimir Jarixin ma’lum qildi.

Foto: Kazinform

Bugun To‘qayev xalqqa qilgan ikkinchi murojaatida Qozog‘istondagi fitnachilar puxta harakat rejasiga ega bo‘lganini va ular moddiy jihatdan rag‘batlantirilganini aytgan. 

“Prezident buni kim qilganini aytmadi, lekin u buni aniq biladi. Namoyishlar qalbakilashtirilganini oddiy ko‘z bilan ko‘rish mumkin”, degan Jarixin. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, To‘qayevning iste’fosidan foyda ko‘radigan elita vakillari norozilik namoyishlarini o‘tkazishi mumkin. 

Jarixinning qo‘shimcha qilishicha, namoyishchilar o‘z shiorini o‘zgartirib, narxlar avvalgi darajasiga qaytganidan keyin hukumat iste’fosini talab qila boshlagani shubhali ko‘rinadi.

O’zi nima bo’ldi?

Qozog’istonning Mang‘istau oblastida 2-yanvardan beri aholi suyultirilgan gaz narxi oshirilganiga qarshi norozilik mitinglari o‘tkazmoqda. Norozilik namoyishlariga Qozog‘istonning boshqa shaharlari aholisi ham qo‘shilgani aytilmoqda. Tobora jiddiylashgan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Namoyish ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, bugun Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jo’mart To‘qayev esa Hukumat iste’fosi ortidan mamlakatning ayrim joylarida favqulodda holat e’lon qildi. Ushbu mitinglar fonida mamlakatda gazni qayta ishlash zavodi direktori qo‘lga olingan.