Qozog‘istonda 200dan ortiq kishi jamoat tartibini buzganlik uchun qo‘lga olindi, deb xabar berdi ushbu mamlakatning Ichki ishlar vazirligi.

Foto: Skrinshot

Unga ko‘ra, Olmaota, Chimkent va Taraz shaharlarida namoyishchilar mahalliy ma’muriyat binolariga hujum qilishga uringan. Namoyishlar natijasida 95 nafar politsiyachi tan jarohati olgan, 37 nafar politsiya mashinasiga zarar yetgan.

IIV hukumat vakillariga nisbatan zo‘ravonlik, bezorilik va hukumat binolariga hujum qilish va 13ta holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.

“Mahalliy hokimiyat va prokuratura organlarining ogohlantirishlariga qaramay, fuqarolar aholi barqarorligi va xavfsizligiga tahdid soluvchi noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yish bo‘yicha provokatsion chaqiriqlarga amal qilgan. Bundan tashqari, fuqarolarning ayrim guruhlari yo‘llarni to‘sib, jamoat tartibini buzgan, transport harakati uchun sun’iy to‘siqlar yaratgan”, — deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Bugun ertalab Olmaota markazidagi maydon harbiylar tomonidan o‘rab olingan. Hudud zirhli texnikalar bilan to’lgan. Kechadan beri shaharda mobil internet va messenjerlar ishlamayapti. Maydon yaqinida joylashgan tashkilotlar xodimlarini masofaviy ishlashga o’tkazilgan.

Qozog‘istonda favqulodda holat e’lon qilindi

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgan.  

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.

Qozog‘iston Prezidenti Matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari bugun, 5-yanvar kuni “mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat” mavzusida ishchi uchrashuv o‘tkazadi.