Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini himoyalash maqsadida zamonaviy kommunikatsion dasturlar hamda milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar yaratilishi mumkin. Bu haqda “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da aytib o’tilgan.

Foto: Google

Unga ko‘ra, sohaning yetuk mutaxassislari va yirik tadbirkorlar milliy kommunikatsiya platformalarini yaratishga jalb qilinadi. Ma’lumotlarni uzatish va qayta ishlash zamonaviy talablarga mos dasturiy ta’minot hamda texnik vositalar bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, AKT sohasida milliy mahsulot yaratish tizimini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlari ishlab chiqiladi. Bunda, yaratilgan dastur hamda milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlarni auditoriyasining qamrovi ortishiga qarab soliq imtiyozlar berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

“Yo‘l xaritasi”ning mazkur bandi ijrosiga Axborot texnologiyalari vazirligi (Sherzod Shermatov) “Kiberxavfsizlik” DUK (Dmitriy Chichenkov) mas’ul etib belgilangan. Loyiha 2022 yil dekabr oyigacha amalga oshirilishi kerak.