Bugun, 5-yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov Saudiya Arabistonidagi “Abu Sarhad” hamkor shirkati rahbari Abusarhad Nosir Abdulloh bilan “Umra – 2022” mavsumini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolashgan. Bu haqda O’zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.

Foto: Nuz

Qayd etilishicha, yurtimizda umra safarini tashkil etish choralarini ko‘rish, hududlarda COVID pandemiyasidan avval navbatda turgan fuqarolarning imkoniyatlarini o‘rganish, ro‘yxatlarni qayta shakllantirish, aviaqatnovlar jadvalini ishlab chiqish va ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlandi.

Shuningdek, umra ziyoratini yuqori darajada tashkil etish uchun ko‘p yillik tajriba ega bo‘lgan “Abu Sarhad” hamkor shirkati orqali Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun qulay sharoitlarni hozirlash, Ikki Haram masjidiga yaqin bo‘lgan mehmonxonalarni tanlash, zamonaviy transport va boshqa xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish kabi ishlar amalga oshiriladi.

“Ta’kidlash zarurki, shu kunlarda Toshkent xalqaro aeroportida norasmiy shaxslar aldoviga uchib, noqonuniy yo‘llar orqali safarga otlangan kishilarning soxta hujjatlari sababli muborak safar oxiriga yetmay qolgan holatlari aniqlanmoqda. Shu bois, mo‘min-musulmonlarni umra kabi ibodat masalalarida juda ehtiyot bo‘lishlari va bu borada vakolatli tashkilot bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi orqali muborak safarlarni ado etishlariga chaqiramiz”, – deyiladi idora xabarida.

Umra safarlarining boshlanish sanasi va birinchi reysning uchish vaqti haqida qo‘shimcha xabar qilinadi.