2021-yilda O‘zbekiston hududi bo‘yicha o‘rtacha yillik havo harorati me’yordan 1,4-2,7 darajaga yuqori bo‘ldi. Bu haqda “O‘zgidromet” xabar ma’lum qildi.

Foto: Google

Qayd etilishicha, O‘zbekiston hududi Markaziy Osiyoning qurg‘oqchil zonasiga kiradi. Mamlakatning to‘rtdan besh qismi cho‘l va yarim cho‘l hududlardan iborat, janubi-sharqdan va sharqdan ulkan tog‘ tizmalari bilan o‘ralgan.

Quyosh radiatsiyasi yuqori darajada kelishi va atmosfera sirkulyatsiyasi kontinental iqlimni shakllantirib, havo harorati ancha o‘zgaruvchanligi bilan xarakterlanadi va yozi issiq va quruq, bahori nam, qishi o‘zgaruvchan bo‘ladi. 

Mamlakat hududi turli havo massasi kirib kelishi uchun ochiq. Atlantik va arktik havo massalari shimoldan, shimoli-g‘arbdan va g‘arbdan keng tekisliklarga kirib keladi. Qishda janubiy siklonlarning iliq qismida tropik havo massalari kirib kelishi natijasida harorat keskin ko‘tariladi va bundan keyin esa keskin pasayadi. 

Yoz oylarida cho‘l hududlarining juda isishi kontinental tropik havoni shakllantiradi, u o‘ta quruqligi bilan ajralib turadi. Yog‘ingarchilik juda kam (bir yilda 80-200 mm atrofida), bunda ularning o‘zgaruvchanligi juda katta. Orol dengizi yog‘ingarchilik miqdoriga deyarli ta’sir etmaydi, faqat ensiz qirg‘oqoldi zonasida yuqori namlik kuzatiladi.

Ma’lum qilinishicha, oxirgi o‘n yillikda iqlimning global isishi kuzatilmoqda, u atmosferaga parnik gazlarni antropogen tashlashlar, shuningdek boshqa iqlimiy faktorlar natijasidir.

“2021-yilda O‘zbekiston hududi bo‘yicha o‘rtacha yillik havo harorati me’yordan 1,4-2,7 darajaga yuqori bo‘ldi.

2021-yilda yillik yog‘ingarchilik miqdori O‘zbekiston hududining ko‘p qismida me’yordan kam (39-80 foiz), Xorazm viloyatida me’yor atrofida bo‘ldi”, – deyiladi ma’lumotda.