Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Bu haqda mamlakatning amaldagi Prezidenti Qosim-Jo’mart To‘qayev televideniye orqali murojaatida ma’lum qildi. 

Foto: Google

Ta’kidlanishicha, endi To‘qayevning o‘zi mamlakat Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini egalladi. Ushbu lavozimda 2019-yil martdan buyon Elboshi Nursulton Nazarboyev faoliyat yuritib kelayotgan edi. 

Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonni qariyb 30 yil boshqargan Nazarboyev 2019-yilning 20-martida prezidentlikdan ketgan, biroq Xavfsizlik kengashi rahbari va hokimiyatdagi “Nur Otan” partiyasi yetakchisi lavozimlarini saqlab qolgandi. O‘tgan yil aprelida Nazarboyev Qozog‘iston Xalq Assambleyasi raisligi lavozimini tark etish va bu vakolatlarni respublikaning amaldagi rahbariga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qildi, biroq u organning faxriy raisi sifatida qoldi.

Avvalroq, Olmaotadagi prezident qarorgohi namoyishchilar tomonidan egallab olingani xabar qilingandi.

O’zi nima bo’ldi?

Qozog’istonning Mang‘istau oblastida 2-yanvardan beri aholi suyultirilgan gaz narxi oshirilganiga qarshi norozilik mitinglari o‘tkazmoqda. Norozilik namoyishlariga Qozog‘istonning boshqa shaharlari aholisi ham qo‘shilgani aytilmoqda. Tobora jiddiylashgan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Namoyish ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, bugun Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jo’mart To‘qayev esa Hukumat iste’fosi ortidan mamlakatning ayrim joylarida favqulodda holat e’lon qildi. Ushbu mitinglar fonida mamlakatda gazni qayta ishlash zavodi direktori qo‘lga olingan.