Marg‘ilon shahrida fuqaro do‘stlari bilan yo‘lni to‘sib qo‘ygan yigitlardan avtomashinalariga yo‘l berishlarini so‘rab janjallashishi o‘lim bilan yakunlandi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qilmoqda.

Foto: Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Ma’lum bo‘lishicha, 1-yanvar kuni soat 3:30larda K.K. to‘rt nafar tanishi bilan birga M.N. boshqaruvidagi “Cobalt”ga o‘tirib, M.N.ning uyi tomon harakatlanishganida ko‘cha boshida to‘xtab turgan “Gentra” va “Nexia-3” avtomashinalarni ko‘rishgan.

Ularning yonida turgan 23 yoshli M.A. va uning sheriklariga avtomashinalariga yo‘l berishlarini so‘ragan vaqtida janjallashib qolishgan. 

Janjal davomida M.A. o‘zining yonida bo‘lgan pichoq bilan K.K.ning ko‘krak sohasiga bir marta urib, sheriklari bilan avtomashinalariga o‘tirib, hodisa joyidan qochib ketishgan. K.K. olgan tan jarohatlari natijasida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, M.A. protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Qibraylik ayol eri unga befarq bo‘lib qolganligi sababli “bosqinchilik spektaklini” tashkil qilib, o’z uyidan salkam 20 mln.lik tilla o’margani xabar berilgandi.