2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasiga ko‘ra, xorijda doimiy qolishga qaror qilgan O‘zbekiston fuqarolariga idoralararo axborot tizimlarining bevosita integratsiyasi asosida hujjatlarini onlayn topshirish va olish imkonini berish rejalashtirilgan.

Foto: Google

Shuningdek, hujjatini yo‘qotgan fuqarolarning shaxsini diplomatik va konsullik muassasalarining o‘zida onlayn aniqlash va hujjatlarni tiklashda tezkor yordam ko‘rsatish ko‘zda tutilmoqda.

Diplomatik va konsullik muassasalarida infokiosklar o‘rnatilib, O‘zbekiston fuqarolari ayrim konsullik xizmatlarini (ma’lumotnomalar, so‘rovnomaga javoblarni) konsullik xodimlari ishtirokisiz, qurilmalardan oladigan bo‘ladi.

O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining kompyuter tizimlari axborot xavfsizligi takomillashtiriladi, zarur bo‘lgan kompyuter texnikasi, IP–telefoniya tizimi, serverlar va yuqori tezlikka ega bo‘lgan internet kanali bilan ta’minlanadi.