Sudan bosh vaziri Abdulla Hamduk iste’foga chiqdi. Bu haqda siyosatchi yakshanba kuni mamlakat televideniyesi orqali e’lon qilgan. Hamduk olti hafta oldin harbiy to‘ntarish yetakchilari bilan kelishuvdan keyin o‘z vazifasiga qaytgan edi.

Foto: RIA Novosti

Bu lavozimda boshqalarga imkon berishga qaror qilgan Abdulla Hamduk mamlakatda vaziyat o‘nglanishi uchun muzokaralar stoliga o‘tirish lozimligini ta’kidladi.

2021-yil 25-oktyabr kuni Sudanda harbiy to‘ntarish amalga oshirilgandi. Oqibatda Abdulla Hamduk uy qamog‘iga olinadi. To‘ntarish yetakchisi general Abdul Fattoh al Burxon bilan noyabrda o‘tgan muzokaralardan so‘ng bosh vazir o‘z potstiga qaytgandi.

31-dekabr kuni harbiy to‘ntarish yetakchisi general al Burxon mamlakatda haqqoniy saylovlar o‘tkazilishini aytgandi. Sudanda esa harbiylar yetakchiligidagi yangi hukumat iste’fosini talab qilishyapti. Namoyishchilar Abdulla Hamdukni harbiy to‘ntarish yetakchilari bilan kelishgani uchun davlatga xiyonatda ayblashgan.