Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im bekor qilindi.

Foto: Sof UZ

Shuningdek, “2022-yil uchun Davlat Budjeti to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilinishi hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartirish kiritish ortidan ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari ham kamaydi.  

“2022-yil uchun Davlat Budjeti to‘g‘risida”gi qonunda qayd etilishicha, fuqarolarga mulkiy munosabatlarni amalga oshirishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini yengillashtirish va mulk huquqini to‘laqonli tasarruf etishga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida 2022-yil 1-yanvardan boshlab avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilingan. 

Natijada, endi avtomobil oldi-sotdi shartnomalarini Yo‘l xarakati havfsizligi boshqarmasidan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘imlar talab qilinmaydi.

Eslatib o‘tamiz, qonun qabul qilingunga qadar amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, avtosalondan yangi mashina sotib olganda shartnoma narxining 3 foizi miqdorida yig‘im to‘lanar edi.

Agar ikkilamchi bozordan mashina sotib olinganda ishlab chiqilgan yiliga qarab har bir ot kuchi uchun 29 ming 700 so‘mgacha yig‘im olinardi. Masalan, ishlab chiqarilganiga 3 yil to‘lmagan 100 ot kuchiga teng mashinani sotib olganlik uchun deyarli 3 mln so‘m yig‘im to‘lanardi.

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, “Agar kimdir mashina sotib olganu, lekin o‘z nomiga rasmiylashtirishdagi katta xarajatdan qochib, “generalnaya doverennost” olib haydab yurgan bo‘lsa, unda endilikda mashinalarini o‘z nomlariga o‘tkazib olishlari mumkin. To‘g‘ri, hozir notariusda to‘lanadigan davlat bojining yuqori stavkalari o‘z kuchida turibdi, ammo tez orada davlat bojlari ham kamaytirilishi kutilmoqda. Yanada aniqroq aytganda mashinaning ot kuchi va yilidan qat’i nazar bazaviy stavkaning 3 barobari (810 ming so‘m) etib belgilanishi rejalashtirilmoqda”.